O‘quvchilar uchun yozgi dam olish mavsumi o‘z yakuniga yetib bormoqda. Yangi o‘quv yili boshlanish arafasida. Maktabga tayyorgarlik esa, eng avvalo o‘quv qurollari va maktab formalarini xarid qilishdan boshlanadi.
2018 yil Hukumat tomonidan yagona maktab formalari namunalari tasdiqlagan edi. 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar uni ixtiyoriy tartibda kiyishga haqli ekani belgilab qo‘yilgan. Maktab formalari majburiy bo‘ladigan sana 2019/2020 o‘quv yilidan 2024/2025 o‘quv yiliga – 5 yilga kechiktirildi. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 666-son qaroriga tegishli tuzatishlar kiritildi. Yagona maktab formasi 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etib boriladi.
Mazkur hujjatga asosan, yangi o‘quv yilida maktab formalari majburiy joriy etiladimi? Mazkur savol yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Azamat Kamolov quyidagilarni ma’lum qildi.
– Har yili har bir maktab tomonidan o‘z nizomi bo‘yicha belgilangan forma tanlab olinadi, – deydi Azamat Kamolov. – Hozirga qadar o‘quvchilar uchun ayni bir xil forma kiyilsin, degan qattiq talab qo‘yilmadi. Demak, joriy yilda ham maktablarda majburiy forma joriy etilmaydi. Ammo o‘quvchilar uchun “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odab-axloq qoidalari”ga muvofiq, o‘quvchilarning ta’lim muassasasi ustavida man etilgan libos va qiyofada, jumladan o‘g‘il bolalar kalta shim, futbolka, shippakda va qizlar tor va tanani ochiq ko‘rsatuvchi yupqa, harir kiyimlarda kelishi hamda bo‘yni va barmoqlariga turli taqinchoqlar taqishi man etiladi.
Aslida maktab formasi boshqa har qanday forma singari intizomga chorlaydi, hamjihatlikka olib keladi, o‘quvchilarda jamoatchilik tuyg‘usi, umumiy maqsadlar sari olg‘a intilishga o‘rgatadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar va tahlil natijalariga ko‘ra, yagona maktab formasi maktab o‘quvchilari (ularning ota-onalari) o‘rtasida kiyinish bo‘yicha raqobatni cheklaydi, turli xil ijtimoiy-iqtisodiy toifadagi oilalar farzandlari orasida tabaqalanishning vizual farqini keskin kamaytiradi.
Albatta, maktab formasini joriy etishning maqsadi o‘quvchilarning bilimli, odob-axloqli, sog‘lom fikrli, har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib yetishishiga ko‘maklashish, ularning salomatliklarini muhofaza qilish uchun shart-sharoit yaratishdan iborat.
Bu borada xorijiy davlatlar tajribasiga nazar tashlansa, dunyoning ko‘plab davlatlarida, jumladan Buyuk Britaniya, Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya, Avstraliya, Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston va Tojikistonda maktab o‘quvchilari uchun yagona namunadagi formalar joriy etilganiga guvoh bo‘lish mumkin.
AQSH va Kanadada yagona maktab formasi deyarli barcha xususiy maktablarda tashkil etilgan. Davlat maktablarida yagona maktab formasi tasdiqlanmagan bo‘lsada, kiyinish qoidalari (dress code) tasdiqlangan.
Yaponiyada ham o‘rta va yuqori maktab o‘quvchilari uchun yagona maktab formasi majburiy hisoblanadi. Har bir maktabda o‘zining yagona formasi mavjud. Biroq, odatda o‘rta maktabdan boshlab o‘g‘il bolalar harbiycha uslubda, qiz bolalar esa dengizchi uslubida kiyinishadi.
MDH davlatlari ichida Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Qozog‘iston davlatlarida yagona maktab formasi mavjud. Xususan, Rossiyada o‘quvchilar uchun yagona maktab formasini joriy etish masalasi qonun bilan tartibga solingan.
Mazkur ishlar o‘qituvchilarning dars davomida diqqatini o‘quvchilar o‘rtasida to‘g‘ri taqsimlanishi, shuningdek o‘quvchilarning o‘zlashtirishi va salohiyati oshishiga olib kelgan.