Viloyat pedagogik mahorat markazida Singapurning Marshall Cavendish Edication tashkiloti bilan hamkorlikda “Muvaffaqiyatli islohotlar yuqori natijalar” mavzusida besh kunlik seminar-trening boshlandi.
— Yangi o‘quv yilidan Singapur tajribasi maktablarda qo‘llaniladi, — dedi Samarqand viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Jo‘rabek Eshmurodov. — Masalan, o‘qituvchining dars tahlilida uning xato va kamchiliklarini aytib, uni xafa qilmasdan, aksincha metodik yo‘l bilan to‘g‘ri tushuntirish orqali o‘qituvchiga yo‘nalish beriladi. Yoki maktab direktorlari endi o‘qituvchi va o‘quvchilarga boshliq sifatida uzoqdan muomala qilmasdan va o‘rtaga vositachi qo‘ymasdan har bir xodim va o‘quvchi bilan o‘zi samimiy gaplashadi.
Seminar-treningni Toshkent shahrida malaka oshirib kelgan 25 nafar trener olib boradi. Unda 50 nafar maktab direktori, 50 nafar aniq fanlar va 80 nafar tabiiy fanlar o‘qituvchilarining xalqaro ta’lim dasturlari asosida malakasi oshiriladi.
Tadbirda “Zamonaviy ta’limning tuzilishi”, “Singapur ta’lim tizimining samarali tomonlari”, “Istiqbolli o‘quv dasturi”, “Mening maktabim uchun XXI asr natijalarini aniqlash” va boshqa mavzularda mahorat darslari tashkil etiladi. Ushbu jarayon 19-24 avgust kunlari tuman (shahar)lardagi 16 ta tayanch maktablarida bosqichma-bosqich usulda davom ettirilib, 3816 nafar pedagog trenerlar tomonidan o‘qitiladi.