2025-yil 8-iyul kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagoglarining kasbiy standartlarini tasdiqlashga oid qaror qabul qilindi.
Mazkur qaror Prezidentning 2024-yil 30-sentyabrdagi PF-152-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida qabul qilingan bo‘lib, ta’lim tizimida muhim islohotlar bosqichiga asos soldi.
Yangi standart maktabgacha ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga pedagogning shaxsiy fazilatlari (mas’uliyatlilik, ijtimoiy faollik, axloqiy madaniyat va boshqalar), kasbiy bilimlari va ko‘nikmalari, amalda qo‘llanishi lozim bo‘lgan kompetensiyalar singari asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha aniq mezonlar belgilaydi.
Standart tarkibi kasbiy standartning asosiy tamoyillari, standartni ta’lim tashkilotlari faoliyatida qo‘llash tartibi (1), pedagoglardan kutib olinadigan bilim (2) va ko‘nikmalar mezonlarini (3) o‘z ichiga oladi.
Qarorga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini ikki oy muddatda mazkur qarorga muvofiqlashtirishi belgilab qo‘yilgan.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri H. X. Umarova zimmasiga yuklatilgan.
Maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagogining kasbiy standartida, pedagogik faoliyatning asosiy mezonlari, kasbiy etikasi, bilim, ko‘nikma va malaka doiralari bilan birga pedagog va tashkilotlar zimmasidagi aniq vazifalar ham belgilanmoqda.
Standartga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tashkilotida faoliyat yurituvchi pedagoglar: sifatli ta’lim-tarbiya muhitini yaratish, har bir bolaning shaxsiy xususiyatlarini inobatga olish, inklyuziv ta’limni tashkil etish, muammoli vaziyatlarni hal qilishda metodik yondashuvlardan foydalanish kabi asosiy tamoyillarga amal qilishi zarur.
Kasbiy standartda quyidagi tushunchalar alohida ta’kidlanadi:
Bilim – pedagogning mehnatga oid faoliyatni olib borish uchun zarur bo‘lgan nazariy tayyorgarligi.
Ko‘nikma – ish jarayonida amaliy faoliyat orqali shakllangan harakatlar majmui.
Malaka – kasbiy vazifalarni mustaqil va samarali bajarish darajasi.
Kimlar uchun mo‘ljallangan?
Kasbiy standart: maktabgacha ta’lim pedagoglari (tarbiyachi, psixolog, defektolog, logoped), metodistlar, ta’lim tashkilotlari rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari va attestatsiya organlari tomonidan asosiy mezon sifatida qo‘llaniladi.
Kimlar qanday foydalanadi?
Pedagog: o‘z faoliyatini baholaydi, kasbiy rivojlanishni rejalashtiradi, natijalarni yangi sharoitlarga moslashtiradi.
Ta’lim tashkiloti: pedagoglarni ishga qabul qilish va shartnomalar tuzishda, malaka oshirish jarayonini tashkil etishda, kadrlar siyosatini shakllantirishda foydalanadi.
Kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlari: malaka talablariga mos o‘quv dasturlar ishlab chiqadi, pedagoglarning nazariy va amaliy tayyorgarligini baholaydi.
Davlat organlari: kasbiy tayyorgarlik sifatini nazorat qiladi, lavozim yo‘riqnomalari va attestasiyalash tizimini takomillashtiradi, monitoring olib boradi.