O‘qituvchilar uchun ipoteka subsidiyasiga arizalar 20-apreldan qabul qilinadi - Ta’lim / Образование

O‘qituvchilar uchun ipoteka subsidiyasiga arizalar 20-apreldan qabul qilinadi

Subsidiya ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning 25 foiz qismini qoplab berish uchun Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ajratiladi.

O‘qituvchilarga subsidiya berish boshlanadi

Subsidiya Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-fevraldagi 69-son qarori bilan tasdiqlangan “Uy-joy sotib olish uchun oliy malaka toifasiga (bosh o‘qituvchi lavozimiga) ega bo‘lgan pedagoglarga subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning 25 foiz qismini qoplab berish uchun Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ajratiladi.



Ushbu dastur doirasida subsidiya olishda ariza beruvchi barcha ijtimoiy mezonlarga mos kelishi hamda kredit tarixi dasturda ishtirok etuvchi kamida bitta tijorat bankining ichki talablariga mos bo‘lishi talab etiladi.

Bunda, ariza beruvchida, shu jumladan, uning turmush o‘rtog‘ining nomida respublikaning barcha hududlari miqyosida ikki va undan ortiq mulk huquqi bilan turar joy mavjud bo‘lmasligi, shuningdek, kamida 15 yil pedagogik ish stajiga hamda oliy malaka toifasiga yoki bosh o‘qituvchi lavozimiga ega bo‘lishi lozim.


Subsidiya olish uchun quyidagi usullar:

— Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilish;
— MyGov mobil ilovasi;
— my.gov.uz portalida, mazkur havola orqali ariza topshirishingiz mumkin.



❗️ Muhim eslatma!

➡️ Ariza beruvchi tomonidan ariza topshirish (baholash) davrida OneID tizimida shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish paneli orqali ishtirok etuvchi tijorat banklariga kredit tarixini baholash maqsadida tegishli ma’lumotlardan foydalanish uchun ruxsat berilgan bo‘lishi lozim (tijorat banklari ro‘yxati quyida).

Shuningdek, kredit tarixini olishga cheklov vaqtincha o‘rnatilmagan bo‘lishi kerak. Aks holda, ariza beruvchining kredit tarixini o‘rganish imkoniyati cheklanib, uning arizasi rad etilishiga sabab bo‘ladi.


Ariza beruvchining kredit tarixi tijorat banklarining ichki qoidalariga muvofiqligini baholash orqali subsidiyali ipoteka kreditlarini ajratish dasturida ishtirok etuvchi tijorat banklarining ro‘yxati:

1. “Agrobank” ATB
2. “Aloqabank” ATB
3. “Asakabank” AJ
4. “Asia Alliance Bank” ATB
5. “Biznesni rivojlantirish banki” ATB
6. “Hamkorbank” ATB
7. “Ipak yo‘li” AITB
8. “Ipotekabank” OTP Group
9. “Mikrokreditbank” ATB
10. “Orient Finans” XATB
11. “Trastbank” XAB
12. “Turonbank” ATB
13. “Xalq banki” ATB
14. “O‘zmilliybank” AJ
15. “O‘zsanoatqurilishbank” ATB