Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining namunaviy ichki mehnat tartibi qoidalari - Ta’lim / Образование

Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining namunaviy ichki mehnat tartibi qoidalari

Ushbu sahifada Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2026-yil 19-yanvardagi 18-son buyrugʻiga keltirilgan 5-ilova, yaʼni “Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining namunaviy ichki mehnat tartibi qoidalari” bilan tanishin chiqishingiz mumkin.

ichki_mehnat_tartibi_qoidalari

Mazkur qoidalar bilan har o‘quv yili boshida umumiy oʻrta taʼlim muassasasi xodimlari tanishtiriladi (tanishtirish varaqasi namunasi ilova qilinadi).



Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining namunaviy ichki mehnat tartibi
QOIDALARI

1. Umumiy qoidalar.
2. Mehnat shartnomasini tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish tartibi.
3. Mehnat intizomini taʼminlash va javobgarlik.
4. Ish vaqti va dam olish vaqti.
5. Mehnat shartnomasi tomonlari oʻrtasidagi ixtiloflarni hal etish.


1-bob. Umumiy qoidalar

1.1. Mazkur ichki mehnat tartibi qoidalari (keyingi oʻrinlarda – Qoidalar deb yuritiladi) umumiy oʻrta taʼlim muassasada mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq ishga qabul qilish va xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi, mehnat shartnomasi taraflarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, ish rejimi, dam olish vaqti, xodimlarga nisbatan qoʻllaniladigan imtiyozlar va jazo choralari, shuningdek mehnat munosabatlarini tartibga solishga oid boshqa masalalarni tartibga soluvchi ichki hujjatdir.

1.2.Qoidalar umumiy oʻrta taʼlim muassasasining kasaba uyushma qoʻmitasi bilan kelishib tasdiqlangan kundan boshlab kuchga kiradi va maktab direktori nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarda ishlovchi xodimlar uchun qoʻllaniladi.

1.3. Qoidalarga rioya qilish ish beruvchi va xodim uchun majburiy hisoblanadi, uni bajarmaslik qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos boʻlib xizmat qilishi mumkin.



1.4. Ish beruvchining quyidagilarga majburiyatlari:

— mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomalari shartlariga rioya etishi;

— xodimlarni mehnat shartnomasida shartlashilgan ish bilan taʼminlashi;

— xodimlarni ishga qabul qilishda, mehnat jarayonida va xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda Kodeksning mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash toʻgʻrisidagi talablari buzilishiga yoʻl qoʻymasligi;

— majburiy mehnat va bolalar mehnatining ogʻir shakllari qoʻllanilishiga yoʻl qoʻymasligi;

— xodimlarga yoki voyaga yetmagan oʻquvchilarga nisbatan turli koʻrinishdagi zoʻravonlik holatlarini sodir etishiga yoki, ularning sogʻligʻiga va hayotiga qasddan salbiy taʼsir etuvchi xatti-harakatlarni amalga oshirmasligi;

— mehnatni muhofaza qilish normativ talablariga muvofiq boʻlgan mehnat xavfsizligini va shart-sharoitlarini taʼminlashi;

— xodimlarni oʻz mehnat majburiyatlarini bajarishi uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, asboblar, texnik hujjatlar va boshqa vositalar bilan taʼminlashi;

— xodimlarga berilishi lozim boʻlgan ish haqini Kodeksga, jamoa shartnomasiga, ichki mehnat tartibi qoidalariga, boshqa ichki hujjatlarga, mehnat shartnomalariga muvofiq belgilangan muddatlarda toʻliq hajmda toʻlashi;

— Kodeksda belgilangan tartibda jamoa muzokaralarini olib borishi, shuningdek jamoa shartnomasini tuzishi;

— xodimlarning vakillariga jamoa kelishuvini va jamoa shartnomasini tuzish hamda ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan toʻliq va ishonchli axborotni taqdim etishi;

— xodimlarni ularning birlashish huquqi toʻgʻrisida xabardor qilishi shart.