Sinfda davomat kam bo‘lsa, sinf rahbariga chora ko‘riladimi? Ushbu savolga malakali huquqshunoslar javob berishdi.
Savol: Assalomu aleykum! Men o‘qituvchiman 30 yillik stajim bor. 11 sinf rahbariman. Hozirgi kunda bitiruvchi sinflarning eng katta muammosi davomat bo‘lib qoldi. Shu sababli meni sinfimda ham davomat to‘liq bo‘lmayapti. Qancha ota-onalarga murojaat qilishimga qaramay davomat masalasini hal etolmayapman. Davomat tufayli direktor meni ustamamni to‘xtatdi va 30% oyligimdan ushlab qoldi. Har safar davomat orqasidan oyligingni kesaman, 100 modda bilan ishdan haydayman deb menga po‘pisa qilayapti, qanday yo‘l tutishim kerak? Har safar jarima to‘lashga yolg‘iz onaman, 2ta farzandim bor, voyaga yetmagan qizim bor. Katta farzandimni egizak bolalari bor, 13 mln kontrakti bor. Maslahat bering. Meni oyligimni olishga, ishdan bo‘shatishga haqqi bormi? Sinfni topshiraman desam, darsni ham topshir deydi. Bugun esa yana oylikdan 50% jarima dedi.
Huquqshunos javobi:
❌ Bu holatda sinf rahbariga nisbatan intizomiy ta’sir chorasi qo‘llash noto‘g‘ri.
Birinchidan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 27.06.2023 yildagi 190-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi sinf rahbarining yo‘riqnomasiga muvofiq sinf rahbari sinfdagi davomatni nazorat qilishi, bu haqida ota-onalar bilan bog‘lanib, kelmaganlik sabablarini aniqlashi va maktab rahbariyatiga axborot kiritishi kerak.
Ushbu buyruqning 1-ilovasi hamda Xalq ta’limi vazirligining 01.07.2021 yil 206-sonli buyrug‘iga asosan MMIBDO‘ning lavozim majburiyatlaridan biri bu sinf rahbarlarining faoliyatini tashkil etish, o‘quvchilarining davomatlarini nazorat qilish hisoblanadi.
Yuqoridagi qoidaning mazmuniga ko‘ra sinfdagi davomadni ta’minlashga sinf rahbari javobgar emas. U davomadni o‘z vaqtida amalga oshirib, darsga kelmagan o‘quvchilar haqida yuqoridagi majburiyatini bajarishi kifoya.
Ikkinchidan, Mehnat kodeksining 269-moddasiga ko‘ra umumiy qoidaga ko‘ra xodimning yozma roziligi bilan, xodimning roziligi bo‘lmagan taqdirda esa ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq ish haqidan ushlab qolinishi mumkin. Xodimning roziligisiz, uning ish haqidan ushlab qolish asoslari ichida sizdagi holat mavjud emas.
❗️Shunday ekan sizning ish haqingizdan faqat sudning qaroriga muvofiq ushlab qolinishi mumkin.
Uchinchidan, Ota-onalarga nisbatan ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llaniladi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 47-moddasiga asosan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi:
— bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
❗️Shunga ko‘ra, bolasini maktabda yubormagan ota-onalarga yuqoridagi modda bilan jarima qo‘llaniladi.
Bu holatda ish beruvchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga binoan mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
❗️Sizga mazkur holatda tuman adliya bo‘limiga murojaat qilish orqali ulardan buzilgan huquqlaringizni tiklashda amaliy yordam so‘rashni tavsiya qilamiz.