Kimlarga olis hudud sifatida 100 foizlik ustama to‘lanadi? Ushbu savolga malakali huquqshunoslar javob berishdi.
Savol: Assalomu alaykum, men oʻqituvchi boʻlib 2004-yildan beri Qashqadaryo viloyatida ishlab kelmoqdaman. Buxoro viloyatiga turmushga chiqdim. Asosiy ish joyimda haliyam ishlayman. Yashash joyim sifatida Buxoroda ro’yxatdan o’tganman, ish joyim Qashqadaryoda. Menga yoʻl kira haqimi yoki 100% ustama toʻlab beriladimi? Menga asos kerak edi, chunki ish joyimdan soʻrasam, mumkin emas deyapti. Shunga qaysi qarorni ilova qilib koʻrsatsam boʻladi, javob uchun oldindan rahmat.
Huquqshunos javobi: Yo‘q bu imtiyoz sizga nisbatan qo‘llanilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 11.01.2021 yildagi PQ-4940-sonli “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra boshlang‘ich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasi hamda uy-joy sharoitini yaxshilash bo‘yicha imtiyozlardan:
— olis va chekka hududlarda joylashgan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar hamda ta’lim muassasalariga ishga qabul qilingan:
— oliy ma’lumotli boshqa hududda yashovchi shifokorlar va mutaxassislar;
— shuningdek, oliy ta’lim muassasasining bakalavriati yoki magistraturasini (ta’lim shaklidan qat’i nazar — kunduzgi, sirtqi, kechki, shuningdek, ikkinchi mutaxassislik) tamomlaganidan keyin uch yil mobaynida olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga ishga kirgan bitiruvchilar foydalanish huquqiga ega.
Bunda yuqoridagi qarorning 1-bandiga asosan olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy ma’lumotli mutaxassislarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi beriladi.
Ikkinchidan, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktabrdagi 646-son qarori 1-bandiga muvofiq 2021 yil 1 martdan boshlab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilingan.
Bunda:
— bir ma’muriy-hududiy birliklar doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
— boshqa ma’muriy-hududiy birlikdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustamalar to‘lanishi belgilangan.
Shunga ko‘ra bu ustamani olish uchun ushbu qarorlar qabul qilingandan so‘ng bir hududdan boshqa hududga nizom qoidalari bo‘yicha borib ishni boshlagan o‘qituvchilarga to‘lanadi.