Turli sabablarga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’limni yakunlay olmagan fuqarolarning eksternat tartibida imtihonda qatnashish jarayoni soddalashtirilib, 2023 yildan e’tiboran ariza uydan chiqmagan holda my.gov.uz portali orqali topshirila boshlangandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyasi o‘tkaziladigan maktablar ro‘yxatini e’lon qildi.
Ushbu davlat xizmati 2023 yil 1 martdan ishga tushirildi. Talabgor baholar tabeli hamda kollej yoki akademik litseyda o‘qimaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani ilova qiladi.
Ariza 2 kunda ko‘rib chiqilib, yakuniy natija ham shaxsiy kabinetdan yuklab olinadi.
Eksternat – (lot. externus — tashqi) — o‘quv muassasada o‘zlashtiriladigan dasturni mustaqil, uyda (mashg‘ulotlarga qatnashmasdan) o‘zlashtirishga asoslangan ta’lim tizimi. O‘quvchi oraliq va yakuniy attestatsiyani masofaviy tarzda ham topshirishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 1 iyundagi 295 sonli qaroriga muvofiq, eksternat tartibida imtihon olish uchun arizalar qabul qilish davlat xizmati shaklida amalga oshiriib, arizalar har yili 1-martdan 1-mayga qadar (shu kuni ham) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali qabul qilinadi.
Mazkur davlat xizmati bepul amalga oshiriladi.
Bu muhim! Fuqarolar aynan ta’lim olgan maktab joylashgan hududga emas, hozirda doimiy (yoki vaqtinchalik) yashayotgan hududdagi eksternat maktabga onlayn ariza yuborishlari ham mumkin. Buning uchun maktab yoki hududiy bo‘limlarga borish shart emas.
Joriy o‘quv yilida eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyasi o‘tkaziladigan maktablar ro‘yxati bilan tanishing.