Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan ‘‘Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida’’gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Loyihaga koʻra, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son qarorining 9-bandiga yangi norma kiritilishi taklif etilmoqda.
Unga koʻra, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til oʻqituvchilari uchun talab etiladigan tegishli sertifikatga ega boʻlmagan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Xorijiy til oʻqituvchilarining kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega boʻlish talabi amaldagi hukumat qarorida avvaldan belgilangan. Muhokamaga qoʻyilgan loyiha esa ushbu talab bajarilmagan taqdirda qoʻllaniladigan huquqiy normani aniqlashtirmoqda.
Loyiha 2026-yil 12-avgustga qadar jamoatchilik muhokamasida boʻladi. Yakuniy qaror muhokama natijalariga koʻra qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, tan olinadigan sertifikatlar ro‘yxati Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirliklarining qarori (29.05.2024, №3515)ning 1-ilovasi bilan tasdiqlangan.
2021-yilda tasdiqlangan qaror bilan solishtirganda qaysi sertifikatlar va nima uchun roʻyxatdan chiqarib yuborilgani haqida quyida ma’lumot bergan edik.
Taʼlim sohasida xizmat koʻrsatuvchi vakolatli xalqaro tashkilotlarning rasmiy roʻyxatidan oʻtgan test markazlariga (authorized test centers) tashrif buyurmasdan, tashkilot vakillarining bevosita nazorati ostida topshirmasdan, masofadan (Remote, Home Edition va boshqa turlari) olingan sertifikatlarga imtiyoz va ustamalar qoʻllanilmaydi.
Pedagoglarga ustama belgilashda qoʻllaniladigan chet tili sertifikatlar roʻyxati ushbu yangi qarorning 3-bobi da alohida tasdiqlangan boʻlib, ishga kirishda soʻraladigan va ustama toʻlanadigan sertifikatlar roʻyxati qisman farq qiladi.





