Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sport maktablari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori (20.08.2025 №524) qabul qilindi.
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
Ixtisoslashtirilgan sport maktablari to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Ixtisoslashtirilgan sport maktablariga o‘quvchilarni saralab olish, qabul qilish hamda chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.
Shuningdek, qarorga asosan 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab:
ma’muriy-boshqaruv, pedagogik, o‘quv-yordamchi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ish haqi fondining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda rag‘batlantiruvchi jamg‘armasi tashkil etiladi.
Bunda direktor, direktor o‘rinbosarlari, trenerlar, tibbiyot xodimlari, yo‘riqchi-uslubchilar, sport psixologlariga Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari uchun belgilangan moddiy rag‘batlantirish imtiyozlari qo‘llanilganda, mazkur rag‘batlantiruvchi jamg‘armasi orqali to‘lovlar tatbiq etilmaydi.
Agentlik tizimidagi umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan tarbiyachilarning mehnatga haq to‘lanadigan mutaxassislik fani bo‘yicha malaka toifasi hamda milliy yoki xalqaro sertifikatlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan shartlar tatbiq etiladi.
Sport maktablariga fan yo‘nalishi bo‘yicha kamida bakalavr darajasidagi oliy pedagogik ma’lumot va kamida ikkinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar tanlov asosida jalb etiladi. Bunda kimyo, biologiya va fizika fanlaridan dars beradigan pedagog kadrlarning malaka toifalari umumlashtirilgan tabiiy fanlarga ham tatbiq etiladi.