Mehnat kodeksining 124-moddasiga asosan, ishga qabul qilish chog‘ida ishga kirayotgan shaxs bir nechta hujjatlarni taqdim etadi.
Bular:
— pasport yoki ID, 16 yoshgacha bo‘lganlar tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
— oxirgi ish joyi bo‘yicha tasdiqlangan qog‘ozdagi mehnat daftarchasi yoki elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma, (Birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar mustasno);
— o‘rindoshlik asosida ishga kirayotganlar mehnat daftarchasi o‘rniga asosiy ish joyidan ma’lumotnoma;
— harbiy guvohnoma yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnoma (Majburlar uchun);
— oliy ta’lim muassasasini bitirganlikka oid diplom, guvohnoma yoki boshqa rasmiy xujjat;
— soliq to’lovchining identifikatsiya raqami (STIR);
— jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR);
— jamg’arib boriladigan pensiya daftarchasi, birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar bundan mustasno.
Ish beruvchi:
— birinchi marta ishga kirgan, besh kundan ortiq ishlagan shaxslarga va qonunchilikda o‘ziga nisbatan mehnat daftarchalarini yuritish nazarda tutilmagan ilgari ishlagan shaxslarga mehnat daftarchasini rasmiylashtirishi;
— ilgari jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobda turmagan xodimlarni bunday hisobga qo‘yish uchun choralar ko‘rishi shart.
Ishga qabul qilish chog‘ida ishga kirayotgan shaxsdan ushbu Kodeksda, shuningdek boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.